Al-Asr surasi tafsiriga muqobil sharx. Zamon, vaqt, umr va inson haqida falsafiy fikrlar.
Muhaqqaqki, vaqt tushinchasi insoniyatni qadim zamonlardan beri o'ylantirib kelayotgan va hanuzgacha falsafiy munozara va mushohadalarga sabab bo'layotgan murakkab mavzularidan biridir. Mazkur ma'ruzada vaqt haqida o'zimning diniy-falsafiy qarashlarimni bayon etishga harakat qilaman. Ma'ruza Al-Asr surasining ma'nolari atrofida jarayon etadi va ushbu suraning insoniyat uchun muhim botiniy ma'nolari to'g'risida so'z yuritadi.
al-Asr surasi Qur'onning morfologik-lingvistik mo'jizlaridan biridir. Muqaddas kitobimizda eng qisqa suralardan biri bo'lmish Al-Asr, o'zining morfologik hususiyatlari nuqtai nazaridan, inson umrining, binobarin, unga berilgan zamonning qisqaligi ishoratdir.
Sura Allohning Asrga, ya'ni zamonga, vaqtga qasami bilan boshlanadi. Ma'lumki, Qur'on uslibiga binoan, agar oyatlar biror narsaga qasam bilan boshlansa, bu o'sha narsaning o'ta muhimligi va ahamiyatini ifoda etadi. Ayrim tafsir olimlari Asr so'zini Asr namozi bilan bog'laydilar, men bu qarashning ayrim asoslarga ega ekanligini ta'kidlagan holda, bunday qarash Al-Asr surasining o'ta muhim ma'nolarining tazahhuriga ziyon berishini, Asr so'zining to'g'ri ma'nosi aslida zamon, yoki vaqt ekanligini bildirib o'tmoqchiman.
Vaqt tushinchasi, uning mohiyati ham tasavvuf, ham falsafa ham ilm-fan namoyondalari orasida ziddiyatli tortishma va fikr farqliliklariga sabab bo'lib kelgan. Nyuton kabi olimlar vaqtga koinotning funtamental strukturasining bir parchasi nuqtai nazaridan qarashsa, Eynshtein kabi olimlar, vaqt kuzatuvchining harakatlanish tezligiga bog'liq bo'lgan nisbiy jarayon ekanligini ta'kidlaydilar. Falsafiy jihatdan ba'zi olimlar vaqtning mutlaqligiga va realligiga urg'u bersalar, boshqa olimlar vaqtning abstrakt tushuncha ekanligiga va uning aslida illyuziya ekanligini aytadilar.
Islom ta'limotida, vaqt yoki zamon mahluq, ya'ni yaratilgan narsa bo'lib, uning boshlanishi va ohiri bor bo'lgan tushincha sifatida qaraladi. Aslida, vaqtga oddiy ta'rif beradigan bo'lsak, u ikki yoki undan ortiq hodisalar orasadigi o'zgarishning o'lchamidir, yoki o'lchaniladigan kesimidir. Ya'ni vaqt, atomlardan tortib fazo ob'ektlarning bir holatdan ikkinchi holatga o'tish jarayonini o'lchashga bo'lgan urinishni ifodalaydi. Bir go'dakning tug'ilishi, bolalik, o'spirinlik, balog'at, qarilik va o'lim bosqichlari va bu bosqichlarning o'lchovi vaqt degan narsa bilan ifoda etiladi. Bugungi ilm-fanda, vaqt, zamon va makon sifatida uch o'lchamli olamimizning to'rtinchi o'lchami sifatida qaraladi. Bu esa, vaqt, materiyaning ajralamas qismi bo'lib, vaqtning boshlanishi borliqning boshlanishi bilan chambarchas bo'g'liq demakdir. Binobarin, materiyaning intihosi vaqtning ham intihosi demakdir.
Vaqt tushinchasi inson shuurida ma'lum vaziyat va holatlardan kelib chiqib, turli tarzda tavsif etilishi mumkin. Vaqt tushinchasi yosh bolalar va balog'at yoshiga yetgan kishilar ongida turlicha ifoda etiladi. Bir bolakay uchun vaqt sekinlik bilan o'tsa, yoshi katta inson uchun tez o'tayotgandek tasavvur hosil etadi. Buning sababi esa, yosh bolalarning nisbatan kam hodisalarga guvoh bo'lganligi sababli, ularning hotirasida kam informaciya yoki ma'lumot mavjud, shu sababli ular bir hodisaning boshqa hodisaga nisbatan o'zgarishini kamroq ilg'aydilar, ammo yoshi o'tgan bir inson, hayotida davomida guvohi bo'lgan hodisa va jarayonlarning nisbatan ko'pligi tufayli, voqealar orasidagi o'zgarishlarni ko'proq ilg'aydilar, ya'ni ularning hotirasida nisbatan ko'proq ma'lumot to'planganligi va bu hodisa va jarayonlar orasidagi bo'g'liqlarni teranroq ilg'ay olganliklari sababli, ular uchun vaqt tezroq o'tayotgani tuyiladi.
Bundan tashqari, insonning vaqtni idrok etish qobiliyati, miyadagi neyronlarning biokimyoviy faoliyati bilan ham ifoda etilishi mumkin. Ya'ni vaqtni idroq etish qobiliyati, miyaning dopamin va serotonin kabi moddalar bilan o'zaro ta'siri bilan ham bog'liq. Biz zavqli bo'lgan, kuchli his va hayajon keltirib chiqaruvchi biror mashg'ulot bilan band paytimizda, vaqt juda tez o'tayotgandek his qilamiz, chunki, bunday holatlarda, inson miyasidagi neyronlarning bir-birlariga informaciya ulashish tezligi, kuchli his-hayajon sababli, normal yoki tabiiy tezligiga nibatan ancha yuqori bo'ladi va bu bizning vaqtni ilg'ay olish yoki to'liq idrok etish qobiliyatimizni susaytriadi. Aksincha, zerikarli mashg'ulot jarayonida, ko'pincha insonlar vaqtning juda sekinlik bilan o'tayotganini his qilishlari mumkin, chunki, bunday holatda, inson miyasidagi neyronlar sokinlik holatida bo'ladi vaqtni ilg'ash va idrok sezgilari me'yorida, yoki me'yoridan kuchliroq faoliyat ko'rsatadi.
Yuqorida aytilganlardan, tinglovchilarda oz bo'lsa ham vaqtning, zamonning nimaligi haqida tasavvur hosil bo'lgan bo'lsa, endi Al-Asr surasining ikinchi oyati haqida so'z yuritsak bo'ladi.
Unda shunday deyiladi:
Албатта, инсон хусрондадир.
Husron so'zining eng muvofiq tarjimasi yo'qotishdir. Alloh bu oyatda nima sababli insonning yo'qotish ichida ekanligini ta'kidlamoqda? Inson nimani yo'qotmoqda? degan savollar tug'ilishi tabiiy. Shubhasizki, inson vaqtni yo'qotmoqda. O'tib borayotgan har bir lahza bizning material olamdagi umrimizning qisqarib borayotganiga ishoradir. Inson umri aslida teshik qopga o'xshaydi. Vaqt esa, ana shu teshik qopga to'ldirlgan bug'doy donalari kabidir. Bug'doy to'ldirilgan teshik qopni orqalab ketayotgan insonning oldida ikki yo'l mavjud, birinchisi qup-quruq, qaqragan sahro va ikkinchisi serunum dala orqali yuriladigan yo'l. Sahro orqali yo'l, zalolat yo'li bo'lib, serunum dala orqali yo'l Allohning bizga in'om etgan sirotul mustaqiymdir. Yo'qotishda bo'lgan inson, o'z umrining suvday oqib ketayotganini idrok etolmagan, zalolat ichra o'z hayotini behuda narsalarga sarflagan, vaqt kabi bir ne'matni hosil bermaydigan, aksincha, oqibati afsus va nadomatlar bilan yakunlanuvchi havoyi hohish va istaklar uchun sarflayotgan shaxsdir. Bunday kishilar, qiyomatda Alloh huzuriga, o'ziga berilgan ne'matlarning haqqini bermagan, aksincha, befoyda va foniy narsalarga sarflab, quruq qo'l bilan yuzlari shuvut holda keluvchi bandalardir.
Demak, inson zoti yo'qotishda ekan, bu ahvolni qanday tuzatish mumkin? Yo'qotuvchilardan bo'lib qolmasligimiz uchun nimalar qilishimiz kerak va asl g'oliblar kimlar bo'ladi degan savollarga, Al-Asr surasining so'nggi, uchinchi oyati shunday javob beradi:
Илло, иймон келтирганлар ва солиҳ амаллар қилганлар, бир-бирларини ҳақ йўлга чақирганлар ва бир-бирларини сабрга чақирганларgina bundan mustasnodirlar.
Aynan mana shu yo'l, yuqorida o'xshatish bilan keltirilgan misoldagi unumdor tuproqli daladir. Bu dalaga to'kilgan bug'doy donalari, ya'ni bizning soniyalarimiz, soatlarimiz va kunlarimiz, serhosil bug'doyzorga aylanadi, ham o'zimiz ham boshqalar uchun manfaat keltiradi. Bu oyatdan ko'rinib turibdiki, haq yo'lidagi insonning to'rt hususiyatidan birinchisi bu iymon keltirmoqlikdir. Iymon keltirishdan murod, barchamizga ma'lum bo'lgan iymonning asosiy shartlari, ya'ni Allohning borligiga, uning farishtalariga, Kitoblariga, Payg'ambarlariga, Ohirat va taqdirga iymondir.
Ikkinchi hususiyat bu solih amaldir, ya'ni atrofimizdagi insonlarga, dini, irqi, millati, jinsi yoki yoshidan qa'iy nazar, moddiy-ma'naviy yo'rdam ko'rsatish, sevgi, hurmat ehtirom bilan munosabatda bo'lish, odil jamiyat o'rnatish uchun sa'yi-harakat qilish va amaliy faoliyatda bo'lishdir.
Uchinchi hususiyat bu insonlarning bir-birini haq yo'lga chaqirishlaridir. Bundan asosiy murod esa, ma'rifatdir, ya'ni insonlarga ta'lim berish, ularning aql va qalb ko'zlarini ochish, shu orqali, Allohning ne'mati bo'lmish sirotul mustaqiymga chaqirish, zulmatga yetaklovchi amallardan ogoh etib, nur sari da'vat etmoqlikdir.
To'rtinchi husuiyat bu sabr qilmoqlikdir. Suraning aynan sabr tushinchasi bilan yakunlanishi, Al-Asr surasining yuqorida ta'kilaganim Qur'onning morfologik-lingvistik fasohatining isbotidir, chunki sabr tushinchasi sura boshlangan asr, ya'ni vaqt tushinchasi bilan chambarchas bog'liq. Vaqt tushinchasi bilan boshlangan suraning, sabr tushinchasi bilan yakunlanishi, va sabrning esa ya'ana qaytib suraning boshlanishidagi vaqt bilan bo'g'lanishi ilohiy kitobning go'zal uslublaridan biri bo'lib, shu ikki kalima bog'lamida suraning ma'nosi mukammal tarzda mujassam etilgan, bir-birini to'ldirivchi tushinchalar atrofida halqa hosil qilingan.
Sabr so'zining lug'aviy ma'nolari, chidamlilik, bardosh, qanoat va qat'iyatdir. Ya'ni, sabr qilishlik, bu oldimizdan oqib borayotgan zamonni, vaqtni sekinlashtirib, undan unimli foydalanish usulidir. Bu o'rinda, sabr deganda, adolatsizlikka, zulmga befarqlik, passiv ijtimoy poziciya ma'nolari tushinilmasligi kerak, zotan bundan hulosa chiqarish, Qur'on oyatlariga, Islom ta'limotiga ziddir. Mazkur oyatdagi Sabr tushinchasi, vaqtni to'liq idrok etishimzga to'siq bo'ladigan dunyo zavqlaridan, ehtiros va hayajonlaridan, kundalik ikr-chikrlarga, muammo va tashvishlarga mukkasiga ketib, shaytoniy havoyi-nafsga ergashishdan o'zimizni himoya qilishimiz kerakligiga ishorat etadi. Sabr tushinchasi, hayotimizdagi turli hodisa va jarayonlarga shoshma-shosharlik bilan, ehtiros va hayajonga berilgan holda reakciya ko'rsatishdan tiyilishga, o'zimizni bu kabi hunuk oqibatlarga elitguvchi holatlar yuzaga kelganda, botiniy, ya'ni ichki dunyomizga yo'nalib, og'irlik va bosiqlik bilan mushohada yuritishga undaydi.
Sabr tushinchasi aqlning va qalbning sokinligiga, halimlikka, shoshma-shosharlikka yo'l qo'ymagan holda, qanoat bilan yashashga, nafs ofatlariga qarshi bardoshli bo'lishga o'rgatadi. Bu ayniqsa, bizning bugungi davrimizda o'ta muhim ahamiyatga ega. Qo'l telefonlarisiz, internet va kompyuterlarsiz hayotimizni tasavvur etolmaydigan holga kelgan bu davrda, ko'pchiligimiz vaqt kabi ulug' bir ne'matning qadrini unitib qo'ymoqdamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda kuzatilayotgan turli his-hayojon bilan to'la retorikalar, o'yinlar, dasturlar bizning umrimizni qadrsiz matohga aylantirmoqda. Aynan mana shunday vaziyatda, Al-Asr surasi bizni qayta o'zligimizga keltirish, kimligimizni eslatish, qaerdan kelib qaerga ketayotganiligimizni eslatib qo'yish uchun berilgan buyuk ne'matlardan biridir. Bu juda qisqa va mufassal sura bizni fojeali girdobdan ogohlantirib, biroz to'xtab, nafas rostlashga, tafakkur yuritishga, atrof-muhitimizda ro'y berayotgan ayanchli vaziyatni tahlil qilishga, sabr qilishga va boshqalari ham shunga chaqirishga da'vat qilmoqda.
Insoniyatga berilgan vaqt, ya'ni umr, o'lim hodisasi bilan yakun topadi. O'lim albatta haqdir. Inson zoti shubhasizki, husron ichradir, nonko'r va zalolatdadir. Illo иймон келтирганлар ва солиҳ амаллар қилганлар, бир-бирларини ҳақ йўлга чақирганлар ва бир-бирларини сабрга чақирганларgina bundan mustasnodir. Alloh barchamizni sabrli bandalaridan qilsin, bu dunyoning o'tkinchi jozibalariga qarshi bardosh bilan, sabr bilan tursihsimizni, o'zlariga ne'mat berilgan solih bandalarning yo'lida sobitqadam bo'lishimizni nasib aylasin.
Comments
Post a Comment